Millatning shunday ustunlari borki, oradan yillar o‘tgach, uning buyukligi yaqqollashib boraveradi. Alisher Navoiy turkiy xalqlar tanglayini ko‘tarib qo‘ygan ana shunday ulug‘ shoir. Jahon she’riyatining shubhasiz eng yirik ustunidir.
Botirxon Akramov domlamiz Navoiy haqida ko‘p va xo‘p yozgan olim sifatida har suhbatda, har majlisda bobomizning o‘tlig‘ misralarini yoddan o‘qib, ko‘pchilikni hayratga solgan olim va ijodkor edilar.
O‘tgan asrning 70-yillarida men tahsil olayotgan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida o‘zbek adabiyotidan dars bergan edilar. Navoiydan zavq bilan she’r o‘kiganlarida bo‘lg‘usi aktyorlar ham tan berib, jon qulog‘i bilan tinglardilar. 20 kishilik auditoriyaga darsga kirsalar, kamida 50 odam o‘tirgan bo‘lardi. Men biror marta domlaning darsini qoldirmaganman. Darsdan keyin ham soatlab Navoiy, Cho‘lpon, Rauf Parfi va she’riat haqida suhbatlashardik. Mening ilk she’rlarimni ko‘rib, dalda va maslahatlarini ayamagan bag‘ri keng inson edilar Botirxon ustoz.
Keyinchalik Cho‘lponparastlarning kuni tuqqach, domla yana O‘zMUda dars bera boshladilar. Men domla haqida ikkita she’r yozganman. Birinchisini yozganimda hali xayot edilar. Ammo ko‘rsatishga iymandimmi, ko‘nglim to‘lmadimi, bilmadim. Ikkinchisini vafot etganlaridan so‘ng yozdim. Ustoz Rauf Parfi vafot etganlarida g‘assolga o‘zim suv quyib bergan edim. Ustoz Botirxon Akram men ichkaridan chiqqach, ulug‘ ish qildingiz deb quchoqlagan edilar. Afsuski, ustozning o‘tganlarini gazetadan bildim. Oxirgi yo‘lga kuzata olmaganimdan aziyatdaman.
IKKI SHE’R
Ko‘rishsak Botirxon Akrom-la
Hol-ahvolni so‘ramay domla
Navoiydan boshlaydi g‘azal,
Der: “Tik turib she’r o‘qish afzal”.
Zavqlar tikka, tolgan oyoqlar
Ruh baland, ko‘z atrofga boqar.
O‘rindiqqa domla yurgancha
Der: “She’r o‘qish zo‘r o‘tirgancha”.
Ko‘rinarkan eski avtobus,
Domla bilan tirmashadi so‘z,
Tiqilinchga qilmasdan parvo
Der: “Ulovda she’r o‘qish a’lo”.
Suv yo havo kemalarida,
Poyezdda yo ulov barida,
Borsak domla to‘xtamay g‘azal,
Der: “Safarda she’r o‘qish afzal”.
Tun-kun Navoiydan shohbaytlar aytgan,
Baland tomga kuzatdim qancha,
Domla derlar yonboshlagancha
Navoiydan she’r o‘qing, ukam
“O‘tirib, tik turib, yotib ham”.
2
Chiroqchisi ketdi Mir Alisherning,
Yamoqchisi ketdi el
bila she’rning
Oqchisi, yoqchisi, soqchisi ketdi,
Firoqchisi qoldi
she’rparast erning.
Daryo misol ustoz ko‘k yog‘ga og‘gan,
Olis yulduzlardan tunlar
nur sog‘gan
Botirxon Akrom-la
sirlashgan palla,
Sochdan tovongacha
Hayajon yog‘gan.
Yulduzni oy etgan,
so‘zni boyitgan,
Navoiydan qolgan toq murid,
Ters shamolga qars-qars borar zid
Ko‘rib qolsa shoir-havoiy,
Tilda zikr, dilda fikr,
sirida yo‘q kir,
Ulkanlashar yana Navoiy.
Hofizaga oltin
misralar qaytgan.
Safardan qaytdimi
Shogirdlar ichidan
tomchilaydi nam,
Navoiy deganning
tikdir da’voyi,
O‘ylasang, so‘ylasang,
bo‘ylasang-karam
Botirxon Akram?